06/28/2026 | Press release | Distributed by Public on 06/29/2026 08:29
2026-yil 26-27-iyun kunlari O'zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi delegatsiyaning Xorvatiya Respublikasiga amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida qator yuqori darajadagi uchrashuvlar, muzokaralar hamda muhim tadbirlar bo'lib o'tdi.
Tashrif doirasida Xorvatiya tashqi va Yevropa ishlari vaziri Gordan Grlich Radman bilan tor va keng doirada muzokaralar o'tkazildi. Tomonlar siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-logistika, energetika, turizm va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar. Shuningdek, siyosiy maslahatlashuvlar mexanizmini yo'lga qo'yish, shartnomaviy-huquqiy bazani mustahkamlash, Hukumatlararo komissiyani tashkil etish hamda ishbilarmon doiralar o'rtasidagi aloqalarni faollashtirish muhimligi qayd etildi. Muzokaralar yakunida 2027-2028-yillarga mo'ljallangan O'zbekiston va Xorvatiya tashqi ishlar vazirliklari o'rtasidagi Hamkorlik dasturi imzolandi.
Shuningdek, TIV rahbari Dubrovnik forumida ishtirok etib, energetika xavfsizligiga bag'ishlangan panel sessiyasida asosiy ma'ruzachi sifatida so'zga chiqdi. Bu yilgi forum "Ko'p qutblilik davri: ko'plab yo'nalishlar, yagona kelajak" mavzusida o'tkazilayotgani bilan alohida ahamiyat kasb etdi. Tadbir doirasida energetika xavfsizligi, muhim xomashyo resurslari, iqlim o'zgarishi, sun'iy intellektning global taraqqiyotga ta'siri kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Tashrif doirasida Qatar Davlati Tashqi ishlar vazirligi Davlat vaziri Muhammad bin Abdulaziz bin Solih Al-Xulayfiy bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Unda O'zbekiston-Qatar munosabatlarini rivojlantirish, erishilgan kelishuvlarni amaliy mazmun bilan boyitish, o'zaro manfaatli loyihalarni ilgari surish hamda tashqi siyosiy idoralar o'rtasidagi muloqotni davom ettirish masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, Sloveniya tashqi va Yevropa ishlari vaziri Tone Kajzer bilan uchrashuvda oliy darajada erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosi, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, hukumatlararo, ishbilarmonlik, gumanitar va turizm sohalaridagi aloqalarni rivojlantirish masalalari ko'rib chiqildi.
B.Saidov Gruziya Bosh vaziri o'rinbosari, tashqi ishlar vaziri Maka Bochorishvili bilan uchrashuv o'tkazdi. Tomonlar bo'lajak oliy darajadagi tadbirlar kun tartibi hamda ikki tomonlama munosabatlarning ustuvor yo'nalishlarini muhokama qilib, hamkorlikni izchil davom ettirishga tayyorligini tasdiqladi.
Tashrif yakunida Xorvatiya Bosh vaziri Andrey Plenkovich bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Uchrashuvda O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning salomi va ezgu tilaklari yetkazildi. Tomonlar siyosiy muloqotni faollashtirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, transport-logistika sohasidagi sheriklikni rivojlantirish, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdi.