Ministry of Foreign Affairs of the Republic of Uzbekistan

02/05/2026 | Press release | Distributed by Public on 02/06/2026 09:12

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri boshchiligidagi delegatsiyaning Vashingtonga tashrifi yakunlari yuzasidan

4-fevral kuni O'zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi delegatsiya Amerika Qo'shma Shtatlarining Vashington shahriga tashrif buyurdi. Tashrif ikki va ko'p tomonlama munosabatlarni rivojlantirish, siyosiy muloqotni chuqurlashtirish va o'zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yo'nalishlarini muhokama qilishga qaratildi.

Tashrif doirasida delegatsiya O'ta muhim minerallar bo'yicha Vazirlar yig'ilishida ishtirok etdi. Mazkur platforma barqaror va xavfsiz o'ta muhim minerallar ta'minot zanjirining kelajagini muhokama qilish uchun hamkorlarni bir joyga jamladi.

O'zbekiston ushbu sohada salmoqli salohiyatga ega bo'lib, sanoatini xalqaro eng yuqori standartlar - shaffoflik, ekologik mas'uliyat va qo'shimcha qiymat yaratishga yo'naltirilgan tamoyillar asosida rivojlantirishga qat'iy intiladi. Xalqaro sheriklar bilan hamkorlikni chuqurlashtirish, ilg'or texnologiyalar va investitsiyalarni jalb etish, ta'minot zanjirining barqarorligini mustahkamlash va toza energetikaga o'tishni qo'llab-quvvatlashga tayyorlik tasdiqlandi.

TIV rahbari AQSh Davlat kotibi Marko Rubio bilan keng qamrovli muloqot o'tkazdi. Yaqinda tashkil etilgan Tinchlik kengashi barqarorlik va farovonlikni ta'minlashga xizmat qiluvchi samarali platformaga aylanganligi, millionlab insonlarga xavfsiz va munosib kelajak umidini taqdim etayotgani ta'kidlandi. Umumiy chaqiriqlarni hal etish, xalqaro xavfsizlikni mustahkamlash va barqaror rivojlanishni ilgari surish bo'yicha hamkorlik davom ettirilishi tasdiqlandi.

AQSh Davlat kotibining birinchi o'rinbosari Kristofer Landau bilan ham uchrashuv bo'lib o'tdi. Muhokamalar oliy darajada erishilgan barcha kelishuvlarning o'z vaqtida amalga oshirilishini ta'minlash va yangi istiqbolli loyihalarni kengaytirishga qaratildi. Delegatsiya 2026-yilga mo'ljallangan ikki tomonlama kun tartibi yuzasidan fikr almashdi va kengaytirilgan strategik hamkorlikni mustahkamlashga bo'lgan intilish tasdiqlandi.

Baxtiyor Saidov Kristofer Landau bilan birgalikda O'zbekiston va AQSh hukumatlari o'rtasida muhim foydali qazilmalar va nodir yer elementlarini qazib olish va qayta ishlash sohasida ta'minot barqarorligi to'g'risida anglashuv memorandumi imzoladi. O'ta muhim minerallar iqtisodiy imkoniyat va uzoq muddatli barqaror rivojlanish uchun muhim yo'nalish sifatida ko'rilishi ta'kidlandi.

Vazirlar yig'ilishi mazmunli muloqotlar o'tkazish imkoniyatini yaratdi. Muhokamalar ikki tomonlama, mintaqaviy va global miqyosdagi dolzarb mavzular bo'yicha olib borildi.

Tadbir doirasida Bahrayn tashqi ishlar vaziri Abdullatif bin Rashid al-Zayani, Hindiston tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar, Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar, Italiya tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani, Qozog'iston tashqi ishlar vaziri Yermek Kosherbayev, Malayziya tashqi ishlar vaziri Dato Seri Utama Hoji Mohamad bin Hoji Hasan, Mo'g'uliston tashqi ishlar vaziri Batmunx Battsetseg, Ummon Sultonligi tashqi ishlar vaziri Sayyid Badr bin Hamad al-Busaydiy, Singapur tashqi ishlar vaziri Vivian Balakrishnan bilan alohida muloqotlar o'tkazildi.

Uchrashuvlar ochiq muloqot va ko'p tomonlama hamkorlikning ahamiyatini yana bir bor namoyon etdi. Muhokamalar konstruktiv va kelajakni ko'zlab olib borildi, bu esa ishtirokchi hamkorlar o'rtasida chuqur o'zaro tushunish va yaqindan muvofiqlikni ta'minlashga xizmat qildi.

Bundan tashqari AQSh Savdo vakili Jamison Grir hamda AQSh Eksport-import banki prezidenti va raisi Jon Yovanovich bilan uchrashuvlar o'tkazildi. Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy kun tartibining ustuvor yo'nalishlari, jumladan, bozorlarga kirish, investitsiya hamkorligi va qo'shma loyihalarni qo'llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi. Savdoni osonlashtirish va barqaror iqtisodiy o'sishni rag'batlantirishning amaliy mexanizmlariga e'tibor qaratildi.

Ministry of Foreign Affairs of the Republic of Uzbekistan published this content on February 05, 2026, and is solely responsible for the information contained herein. Distributed via Public Technologies (PUBT), unedited and unaltered, on February 06, 2026 at 15:12 UTC. If you believe the information included in the content is inaccurate or outdated and requires editing or removal, please contact us at [email protected]