Results

Ministry of Foreign Affairs of the Republic of Uzbekistan

05/08/2026 | Press release | Distributed by Public on 05/08/2026 10:22

Investitsiyalar, tashqi iqtisodiy aloqalar va aholi murojaatlari bilan ishlash masalalari muhokama qilindi

Mamlakatimizda Davlatimiz Rahbari boshchiligida hududlarni kompleks rivojlantirish, tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, investitsiyalarni faol jalb qilish va aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan vazifalar izchil amalga oshirilmoqda.

Ushbu ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash, joylardagi mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish hamda tashqi iqtisodiy hamkorlik mexanizmlarini hududlar manfaatiga yoʻnaltirish maqsadida Tashqi ishlar vazirligi tomonidan manzilli ishlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, joriy yilning 7 - 8-may kunlari Tashqi ishlar vazirligi vakillari Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida xizmat safarida boʻldi.

Tashriflar doirasida viloyat hokimliklari rahbariyati bilan uchrashuvlar oʻtkazilib, hududlarning 2026-yilga moʻljallangan ijtimoiy-iqtisodiy dasturlari, sanoat, eksport, turizm va investitsiya sohalaridagi istiqbolli yoʻnalishlar muhokama qilindi.

May iyun oylarida Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari delegatsiyalarining xorij davlatlariga rejalashtirilgan biznes tashriflarini samarali tashkil etish yuzasidan fikr almashildi. Shu bilan birga, Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan diplomatik vakolatxonalar va xalqaro tashkilotlar vakillarining hududlarga tashriflarini tashkil etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Xizmat safarlari doirasida bir qator sanoat korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Tadbirkorlar bilan muloqotlar chogʻida xorijiy mutaxassislar uchun viza rasmiylashtirish, tashqi bozorlarga chiqish, eksport geografiyasini kengaytirish, biznes-missiyalar tashkil etish va yangi xorijiy hamkorlar topish bilan bogʻliq masalalar koʻtarildi. Mazkur yoʻnalishlarda amaliy koʻmak koʻrsatish boʻyicha tegishli kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, har ikki hududda Xalq qabulxonalari binolarida "sayyor qabul"lar tashkil etildi. Qabullar davomida mehnat migratsiyasi, konsullik-huquqiy yordam, xorijga chiqish hujjatlarini rasmiylashtirish, fuqarolik va chet ellarda murakkab vaziyatga tushib qolgan yurtdoshlar bilan bogʻliq murojaatlar qabul qilindi.

Har bir murojaat atroflicha oʻrganilib, fuqarolarga amaldagi qonunchilik asosida huquqiy tushuntirishlar berildi. Qoʻshimcha oʻrganish talab etilgan masalalar tegishli diplomatik vakolatxonalar va masʼul idoralarga yuborilib, nazoratga olindi.

Tashriflar yakunlari boʻyicha hududlarning tashqi iqtisodiy faolligini oshirish, investitsiya loyihalarini qoʻllab-quvvatlash, eksportni ragʻbatlantirish hamda aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan tegishli kelishuvlarga erishildi.

Ministry of Foreign Affairs of the Republic of Uzbekistan published this content on May 08, 2026, and is solely responsible for the information contained herein. Distributed via Public Technologies (PUBT), unedited and unaltered, on May 08, 2026 at 16:22 UTC. If you believe the information included in the content is inaccurate or outdated and requires editing or removal, please contact us at [email protected]