01/22/2026 | Press release | Distributed by Public on 01/23/2026 06:37
22-yanvar kuni poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirokida yoshlar bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Davlatimiz Rahbari tomonidan yoshlarni xalqaro maydonda qoʻllab-quvvatlash, ularning intellektual salohiyatini roʻyobga chiqarish va global jarayonlarda faol ishtirokini taʼminlashga qaratilgan tashabbuslarni amalga oshirish doirasida olib borilayotgan ishlar hamda kelgusidagi ustuvor rejalar muhokama qilindi.
Muloqot davomida yoshlarning taklif va tashabbuslari tinglanib, ularning loyihalarini xalqaro darajaga olib chiqish, faoliyatini kengaytirish uchun xorijiy hamkorlarni jalb etish, shuningdek, yosh tadbirkorlarni jahon bozorlariga olib chiqishda diplomatik vakolatxonalarning koʻmagi masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Tadbir yakunida diplomatik vakolatxonalar rahbarlari yoshlar bilan doimiy muloqot yangi gʻoyalar va samarali tashabbuslar manbayi ekanini taʼkidlab, elchixonalar faoliyatida yoshlarning oʻrni va roli yanada oshib borayotganini qayd etdilar.