12/24/2025 | Press release | Distributed by Public on 12/25/2025 09:23
24-dekabr kuni Ar-Riyod shahrida O'zbekiston tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Olimjon Abdullayev boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasining Saudiya Arabistoni Inson resurslari va ijtimoiy rivojlanish vaziri o'rinbosari Ahmad bin Muhammad Al-Sharqiy bilan uchrashuvi bo'lib o'tdi.
Muzokaralar davomida qonuniy mehnat migratsiyasi, kasbiy tayyorgarlik, mehnat inspeksiyasi, shuningdek, ushbu sohadagi masalalarni muvofiqlashtirish bo'yicha hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
2026-yil yanvar oyidan Saudiya Arabistonida "Takamul" kompaniyasi tomonidan chet el fuqarolarini ishga qabul qilish jarayonlarini raqamlashtirishga qaratilgan yangi platformani joriy etish hamda ushbu platformani O'zbekistonda ham tadbiq etish imkoniyatlari ko'rib chiqildi. Mazkur tizim orqali O'zbekiston fuqarolari ish beruvchilar bilan to'g'ridan-to'g'ri mehnat shartnomalarini tuzish imkoniyatiga ega bo'lishi qayd etildi.
Shuningdek, Saudiya Arabistonida joriy etilgan "Qiwa" platformasini O'zbekistondagi kasbiy tayyorlov markazlariga integratsiya qilish hamda ishchilarning malakasini oshirishga qaratilgan qo'shma dasturlarni ishlab chiqish bo'yicha kelishuvga erishildi.
Tomonlar mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni tizimli rivojlantirish maqsadida ishchi guruh tashkil etishga kelishib oldilar. Uchrashuv yakunida O'zbekiston delegatsiyasi 2026-yil 29-30-yanvar kunlari Ar-Riyod shahrida bo'lib o'tadigan "Global Labor Market Conference" xalqaro forumida ishtirok etishga taklif etildi.