05/12/2026 | Press release | Distributed by Public on 05/12/2026 09:03
12-may kuni O'zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Braziliya Federativ Respublikasi tashqi ishlar vaziri Mauro Viyeyra bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida O'zbekiston va Braziliya o'rtasidagi siyosiy muloqotni faollashtirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish, hamkorlikdagi hali foydalanilmagan salohiyatni ro'yobga chiqarish, qishloq xo'jaligi, logistika, ta'lim, madaniy-gumanitar almashinuvlar hamda turizm sohalaridagi aloqalarni rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Tashrif doirasida bo'lib o'tgan O'zbekiston va Braziliya ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokidagi biznes-forum va davra suhbati natijalari olqishlandi. Unda Braziliyaning "Embraer", "WEG", "Petrobras", "ABIEC", "ABPA", "ApexBrasil" kabi yetakchi kompaniyalari va uyushmalari B2B va B2G formatlarida qator uchrashuvlar o'tkazdi.
Shuningdek, BRIKS, BMT va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Braziliya Lotin Amerikasidagi muhim va ishonchli hamkorlardan biri ekanligi ta'kidlandi. Mamlakatlar o'rtasidagi hamkorlikni aniq amaliy loyihalar va yangi tashabbuslar bilan boyitishga kelishib olindi.
O'zbekistonga Braziliya tashqi ishlar vazirining tashrifi ikki mamlakat o'rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi ta'kidlandi.