12/30/2025 | Press release | Distributed by Public on 12/30/2025 09:31
Savol: 2025 yil yakunlari O'zbekistonning ko'p vektorli tashqi siyosati samaradorligini qanchalik tasdiqlaydi? Turli yo'nalishlarda bir vaqtning o'zida faol hamkorlik olib borish murakkablik tug'dirmayaptimi?
Javob:
2025 yil natijalari O'zbekiston tanlagan ko'p vektorli tashqi siyosat yo'lining to'g'riligini yaqqol ko'rsatdi. Yil davomida biz Sharq va G'arb, yaqin va uzoq hamkorlar bilan o'zaro manfaatli aloqalarni izchil rivojlantirdik. Bu yondashuv murakkablik emas, aksincha, tashqi siyosatimizning asosiy ustunligidir. O'zbekiston barcha davlatlar bilan tenglik, suverenitetga hurmat va ichki ishlarga aralashmaslik tamoyillari asosida hamkorlikni mustahkamlashda davom etadi. O'zbekiston uchun asosiy mezon - hamkorlikning xalqimiz farovonligiga, mintaqaviy barqarorlikka va uzoq muddatli taraqqiyotga xizmat qilishidir. Aynan shu yondashuv mamlakatimizga global miqyosda ishonchli va ochiq hamkor sifatida e'tirof etilish imkonini bermoqda.
Savol: O'zbekiston Yaman atrofidagi vaziyat bo'yicha qanday pozitsiyani egallamoqda?
Javob:
O'zbekiston Yaman Respublikasida keskinlikni pasaytirish va barqarorlikni ta'minlashga qaratilgan Saudiya Arabistoni Podshohligi va Birlashgan Arab Amirliklari sa'y-harakatlarini olqishlaydi. Mamlakatimiz barcha tomonlarni vazminlikka, umummilliy muloqot orqali mojaroni tinch yo'l bilan hal etishga chaqiradi hamda Yaman suvereniteti va hududiy yaxlitligini saqlashni muhim deb hisoblaydi.
Savol: O'zbekistonning G'azo sektoridagi vaziyatga nisbatan hozirgi aniq pozitsiyasi qanday?
Javob:
O'zbekiston G'azodagi vaziyatni insonparvarlik fojiasi sifatida baholaydi. Tinch aholiga qarshi zo'ravonlikni qat'iyan qoralaydi, o't ochishni to'xtatish bo'yicha erishilgan kelishuvlarga to'liq amal qilish, gumanitar yordamni to'sqinliksiz yetkazish va mojaroni "ikki xalq - ikki davlat" tamoyili asosida siyosiy-diplomatik yo'l bilan hal etishni qo'llab-quvvatlaydi.
Oʻzbekiston jafokash Falastin xalqiga insonparvarlik yordamini ayamay kelmoqda. Xususan, 100 nafar falastinlik bemorlar davolash uchun yurtimizga olib kelindi. Ularga har tomonlama yordam koʻrsatish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan maxsus Farmon qabul qilindi.
Savol: Afg'oniston masalasida O'zbekiston 2025-yilda qanday aniq siyosat yuritdi?
Javob:
O'zbekiston Afg'onistonni mintaqaviy xavfsizlikning ajralmas qismi deb hisoblaydi. Mamlakatimiz 2025-yilda ushbu davlat bilan iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni davom ettirdi, transport va energetika loyihalarini qo'llab-quvvatladi hamda inklyuziv hukumat va xalqaro majburiyatlarga rioya etish zarurligini izchil ta'kidlab keldi. O'tayotgan yilning o'zida 4 marotaba insonparvarlik yordami yuborildi. Kuni kech Hayraton shahrida 390 tonnani tashkil etgan ko'mak qo'shnilarimizga topshirildi.
Savol: 2025-yilda O'zbekistonning migrantlar masalasi tashqi siyosatda qanday o'rin tutdi?
Javob:
O'zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining huquqi va qonuniy manfaatlarini qayerda bo'lishidan qat'i nazar, doimiy va izchil himoya qiladi - bu bizning qat'iy va o'zgarmas pozitsiyamiz. Yil davomida ushbu masala bo'yicha xorijiy davlatlar bilan to'xtovsiz va tizimli muzokaralar olib borildi. Imkoniyatlar geografiyasini kengaytirish, yuqori daromadli va ijtimoiy himoya qilingan ish o'rinlari bilan ta'minlash ustuvor yo'nalishlarimizdan. Muloqotlar natijasida mehnat migrantlarimizning huquqiy maqomi, mehnat sharoitlari, ijtimoiy himoyasi va qonuniy manfaatlariga xizmat qiladigan 100 dan ortiq aniq kelishuvlarga erishildi. Bu kelishuvlar qog'ozda qolib ketmadi - ular amalda fuqarolarimiz duch kelayotgan muammolarni hal qilish, ularning huquqlarini tiklash va xavfsiz mehnat sharoitlarini ta'minlashga qaratildi. O'zbekiston bu boradagi sa'y-harakatlarini kelgusida ham qat'iyat bilan davom ettiradi.
Savol: Toshkent Rossiya va Ukraina o'rtasidagi ziddiyatning rivojlanishiga qanday qaramoqda?
Javob:
Rossiya va Ukraina o'rtasidagi vaziyatni diqqat bilan kuzatib bormoqdamiz. Ikki mamlakat o'rtasidagi mojaroni hal etish yo'lidagi muzokaralar jarayonida kuzatilayotgan ijobiy dinamika va muloqotni tiklashga qaratilgan sa'y-harakatlarni olqishlaymiz. Muzokaralar orqali o'zaro maqbul yechimlarga erishish, muloqotni davom ettirish va keskinlikni kuchaytiruvchi har qanday qadamlardan tiyilish muhim, deb hisoblaymiz. Tinchlik, barqarorlik va uzoq muddatli yechimga xizmat qiladigan barcha konstruktiv tashabbuslarni qo'llab-quvvatlaymiz.
Savol: 2025-yilda Markaziy Osiyo mintaqasining global maydondagi ahamiyati sezilarli darajada oshdi. Ushbu jarayonning asosiy omillari nimalardan iborat va bu o'zgarishlar qanday oqibatlarga olib kelmoqda?
Javob:
2025-yilda Markaziy Osiyoning global rolining oshishi bir qator o'zaro bog'liq omillar bilan izohlanadi. Avvalo, mintaqa davlatlarining o'zaro ishonchni mustahkamlashga, mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirishga va ochiq, muvozanatli tashqi siyosat yuritishga qaratilgan umumiy sa'y-harakatlari xalqaro hamjamiyat e'tiborini kuchaytirdi. Energetika resurslari, muhim xomashyo zaxiralari hamda yosh va o'sib borayotgan bozorlar global iqtisodiyot uchun qo'shimcha qiziqish uyg'otmoqda. Mazkur jarayonlarning natijalari sifatida Markaziy Osiyoning yirik davlatlar va xalqaro tuzilmalar bilan hamkorligi kengayib, mintaqa uchun yangi imkoniyatlar ochilmoqda. Umuman olganda, Markaziy Osiyoning global rolidagi kuchayish uni xalqaro munosabatlarning tobora muhim subyektiga aylantirmoqda.
Savol: 2025 yilda O'zbekiston va AQSh o'rtasidagi munosabatlarda sezilarli burilish kuzatildi. Bu o'zgarishlarning asosiy sababi nimada?
Javob:
2025 yilda O'zbekiston va AQSh o'rtasidagi munosabatlardagi ijobiy burilish, eng avvalo, ikki mamlakat rahbarlari o'rtasida shakllangan ochiq, ishonchli va iliq muloqot bilan bog'liq. Davlat rahbarlari darajasidagi muntazam va mazmunli aloqalar ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi. Har ikki tomon ham o'z xalqlarining manfaatlarini ustuvor deb bilgan holda, o'zaro manfaatli, pragmatik va uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishga intilmoqda. Shu yondashuv asosida siyosiy muloqot faollashmoqda, iqtisodiy aloqalar kengaymoqda, investitsiya, xavfsizlik, ta'lim va gumanitar sohalarda aniq va amaliy natijalarga erishilmoqda. O'zbekiston va AQSh o'rtasidagi bugungi munosabatlar o'zaro hurmat, tenglik va real manfaatlarga tayanib, barqaror rivojlanishda davom etmoqda.
Savol: O'zbekiston fuqarolari uchun xorijiy davlatlar bilan vizalarni yengillashtirish borasida hozir qanday ishlar olib borilmoqda?
Javob:
Fuqarolarimizning xorijiy mamlakatlarga kirishda qulayliklar yaratish masalasi Tashqi ishlar vazirligining doimiy diqqat markazida. 2025-yilda olib borilgan faol muzokaralar natijasida O'zbekiston fuqarolari uchun Xitoy va Iordaniya bilan vizasiz rejim joriy etilishiga erishildi. Bugungi kunda O'zbekiston fuqarolari 35 ta davlatga vizasiz safar qilishi mumkin, shundan 31 ta davlatga to'liq vizasiz kirish imkoniyati mavjud. Yana 42 ta davlat bilan soddalashtirilgan kirish rejimlari amal qilmoqda - ularning aksariyatida kelganda viza yoki elektron viza tizimi joriy etilgan. Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi va boshqa qator davlatlar bilan ishchi va turistik vizalarni yengillashtirish bo'yicha muzokaralar izchil davom ettirilmoqda. Bu boradagi ishlar bosqichma-bosqich, aniq natijalarga yo'naltirilgan.