Ministry of Foreign Affairs of the Republic of Uzbekistan

06/12/2026 | Press release | Distributed by Public on 06/12/2026 06:26

O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining Jazoir Xalq Demokratik Respublikasiga tashrifiga oid

2026-yil 11-iyun kuni O'zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi delegatsiya Jazoir Xalq Demokratik Respublikasining Al-Jazoir shahriga tashrif buyurdi.

Tashrifi doirasida Jazoir tashqi ishlar vaziri Ahmad Attaf bilan tor va keng doirada muzokaralar bo'lib o'tdi.

Tomonlar O'zbekiston va Jazoir o'rtasidagi siyosiy muloqotni faollashtirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, xalqaro tashkilotlar, jumladan Qo'shilmaslik harakati va BMT doirasidagi hamkorlik, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro vaziyat yuzasidan fikr almashildi.

Muzokaralar yakunida ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim hujjatlar imzolandi. Jumladan,

- Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi Hukumati oʻrtasida diplomatik pasport egalarini viza talablaridan oʻzaro ozod qilish toʻgʻrisidagi Bitim;

- Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi JIDU huzuridagi Diplomatik akademiya hamda Jazoir Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Diplomatik va xalqaro munosabatlar instituti oʻrtasida Anglashuv memorandumi.

Tashrif doirasida TIV rahbari boshchiligidagi O'zbekiston delegatsiyasi Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi Prezidenti Abdelmajid Tabboun tomonidan qabul qilindi. Uchrashuvda O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning salomi va ezgu tilaklari yetkazildi hamda ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, Baxtiyor Saidov Jazoir tashqi savdo va eksportni rivojlantirish vaziri Kamol Raziq bilan uchrashdi. Muzokaralarda savdo hajmini oshirish, yangi logistika yo'laklarini shakllantirish, qo'shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalalari ko'rib chiqildi. Hukumatlararo qo'shma komissiya va Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish hamda Al-Jazoir shahrida "Made in Uzbekistan" ko'rgazmasini o'tkazish takliflari ilgari surildi.

TIV rahbarining Jazoir tog'-kon sanoati vaziri Murod Xanifi bilan uchrashuvida mineral resurslar sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar geologiya-qidiruv ishlarini birgalikda amalga oshirish, istiqbolli konlarni o'zlashtirish, qo'shma korxonalar tashkil etish, mineral xomashyoni chuqur qayta ishlash va yuqori qo'shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish yo'nalishlaridagi hamkorlik imkoniyatlarini ko'rib chiqdi.

Ministry of Foreign Affairs of the Republic of Uzbekistan published this content on June 12, 2026, and is solely responsible for the information contained herein. Distributed via Public Technologies (PUBT), unedited and unaltered, on June 12, 2026 at 12:26 UTC. If you believe the information included in the content is inaccurate or outdated and requires editing or removal, please contact us at [email protected]