Central Bank of the Republic of Uzbekistan

04/12/2025 | Press release | Distributed by Public on 04/12/2025 04:41

Zamonaviy moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratiladi

O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki va Jahon banki tomonidan aholi o'rtasida raqamli to'lovlardan foydalanishni kengaytirish, Markaziy Osiyo mamlakatlarida kichik va o'rta biznes sub'ektlarining kapitaldan foydalanishini yaxshilash bo'yicha davlat siyosati choralari va xususiy kapitalni safarbar qilish strategiyalariga bag'ishlangan konferentsiya tashkil etildi. Bu sa'y-harakatlar mintaqada yangi va yanada barqaror ish o'rinlarini yaratishga qaratilgan.

Tadbirda Jahon banki, xalqaro moliya korporasiyasi, Markaziy bank va Iqtisodiyot va moliya vazirligi rahbariyati hamda xalqaro moliya institutlari vakillari, shuningdek, xususiy sektor etakchilari, jumladan, etakchi fintex kompaniyalari mas'ullari ishtirok etdi.

Konferentsiyada so'nggi yillarda Markaziy Osiyoda kredit resurslaridan foydalanish imkoniyatlari yaxshilanib borayotgani va moliyaviy innovasiyalar, jumladan, muqobil kredit skoringi, raqamli kreditlash va ma'lumotlarga asoslanib xavflarni baholash, shuningdek, aholining, ayniqsa, ayol tadbirkorlarning kredit olish imkoniyatlarini kengaytirishga e'tibor qaratilayotgani yuqori baholandi.

Mintaqada raqamli to'lov xizmatlarining kengayishi iqtisodiyotning yangi tarmoqlarida, jumladan, frilanserlik va elektron tijoratda ish o'rinlarini yaratishda muhim turtki bo'lishi, bu yoshlar, xotin-qizlar va qishloq aholisiga qo'shimcha imkoniyatlar yaratishi, ish topish uchun qulayliklarni hamda iqtisodiy faollik darajasini yaxshilashi ta'kidlandi.

Tadbir davomida Jahon banki vakillari tomonidan "Evropa va Markaziy Osiyo mintaqasida iqtisodiy o'sish, daromadlar va bandlikni oshirishga ko'maklashish uchun moliyaviy xizmatlardan foydalanish" (ECA FIN-GROW) nomli yangi dastur taqdimoti o'tkazildi. 2026 yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan mazkur dastur ishtirokchi davlatlarda jismoniy shaxslar, kichik va o'rta biznes sub'ektlari uchun kapital va raqamli to'lovlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, ularning kredit resurslaridan foydalanishini oshirish hamda natijada yangi barqaror ish o'rinlarini yaratishga xizmat qiladi.