08/27/2026 | Press release | Distributed by Public on 08/27/2026 10:57
2026-yil 27-avgust kuni Tashqi ishlar vazirligida O'zbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir o'tkazildi.
Unda Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati va jamoasi, tizimda ko'p yillar samarali mehnat qilgan faxriylar hamda taklif etilgan mehmonlar ishtirok etdi.
Tadbirda so'zga chiqqanlar mamlakatimiz mustaqillik yillarida bosib o'tgan sharafli va murakkab yo'l, ayniqsa, so'nggi yillarda Yangi O'zbekistonni barpo etish borasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar, mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzi va mavqei tobora yuksalib borayotganini taʼkidladilar.
Tantanali tadbir doirasida mamlakatimiz Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan davlat mukofotlari va esdalik nishonlari bilan taqdirlangan Tashqi ishlar vazirligi xodimlarini taqdirlash marosimi ham o'tkazildi.
Jumladan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining "O'zbekiston Respublikasi mustaqilligining o'ttiz besh yilligi munosabati bilan davlat xizmatchilari hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to'g'risida"gi Farmoniga asosan O'zbekiston Respublikasining Eron Islom Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Nasriyev Fariddin Badriddinovichga "Mardlik" ordeni topshirildi.
Shuningdek, tadbir davomida Vazirlik xodimlariga "O'zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi" esdalik nishoni, "Diplomatik xizmat fidoyisi" va "Diplomatik xizmat aʼlochisi" ko'krak nishonlari tantanali topshirildi.
Tantanali tadbir yakunida yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini asrash, xalqimiz farovonligini taʼminlash hamda O'zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yana-da yuksaltirish yo'lidagi ezgu ishlar izchil davom ettirilishi taʼkidlandi.