03/28/2026 | Press release | Distributed by Public on 03/28/2026 01:42
Tijorat banklarida ichki nazorat qoidalarini takomillashtirishga oid qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi.
Loyihaning asosiy maqsadi bank tizimidagi ichki nazorat mexanizmlarini FATF tavsiyalariga muvofiqlashtirish va riskka asoslangan zamonaviy ichki nazorat tizimini shakllantirishdan iborat.
FATF - jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg'in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida xalqaro siyosat va standartlarni ishlab chiquvchi mustaqil hukumatlararo tashkilot.
FATF tavsiyalari esa mazkur sohada xalqaro miqyosda e'tirof etilgan asosiy standartlar hisoblanadi va ular davlatlar hamda moliyaviy muassasalar uchun asosiy talab va yo'nalishlarni belgilaydi.
Loyihada bank mijozlari uchun bir qator yengilliklar ko'zda tutilmoqda:
• jismoniy shaxslar tomonidan identifikatsiya qilinmasdan chet el valyutasini sotib olish miqdori 100 AQSh dollaridan 500 AQSh dollarigacha oshirilmoqda;
• jismoniy shaxslarni identifikatsiya qilishda raqamli identifikatsiya ma'lumotlari, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va "Ijtimoiy karta" orqali taqdim etiladigan elektron hujjatlardan foydalanish imkoniyatlari nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, FATF talablaridan kelib chiqib, to'lovlar, pul o'tkazmalari va naqd pul yechishda operatsiya bilan birga yuboriladigan ma'lumotlar tarkibi va miqdori xalqaro talablarga moslashtirilmoqda.
Loyihada amaldagi talablar asosida shubhali deb tan olingan va miqdoriy chegaralarga ega bo'lmagan operatsiyalar yuzasidan kompleks tahlil o'tkazish tartibi mustahkamlanmoqda.
Bunda operatsiya maqsadi va pul mablag'larining kelib chiqish manbalarini tahlil qilishga oid me'yorlar faqat shubhali operatsiyalar bo'yicha kompleks tahlil doirasida qo'llaniladi va har bir operatsiyani avtomatik tekshirishni anglatmaydi.
Ushbu o'zgarishlar barcha operatsiyalar ustidan nazorat o'rnatish uchun emas, balki to'lovlar shaffofligini va zarur hollarda operatsiyalarning kuzatuvchanligini ta'minlash uchun kiritilmoqda.
Ichki nazorat choralarini qo'llash riskka asoslangan yondashuv asosida, faqat shubhali yoki zarur holatlarda amalga oshiriladi.
Mazkur loyiha moliyaviy tizimdan noqonuniy maqsadlarda foydalanish xavfini kamaytirish, shu bilan birga halol mijozlar uchun ortiqcha to'siqlarni yuzaga keltirmaslik tamoyiliga asoslanadi.
Jamoatchilik vakillari va manfaatdor tomonlarni muhokamada faol ishtirok etishga taklif etamiz.