01/20/2026 | Press release | Distributed by Public on 01/20/2026 21:51
O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan 2026-yil 20-yanvar kuni Koreya Respublikasi Markaziy bankining Bilimlar almashinuvi dasturi - Knowledge Partnership Program (KPP) doirasida "O'zbekiston Respublikasida to'lov balansi dinamikasi: asosiy belgilovchi omillar, tizimli xatarlarni baholash va ularni oldini olish bo'yicha javob choralarining keng qamrovli tahlili" mavzusida amalga oshirilgan qo'shma taqdiqot yakunlari bo'yicha xalqaro seminar tashkil etildi.
Mazkur seminar qo'shma taqdiqot doirasida O'zbekiston Respublikasida to'lov balansi holatini chuqur tahlil qilish, xalqaro ilg'or modellar yordamida uning dinamikasiga ta'sir etuvchi fundamental omillarni aniqlash, shuningdek, tashqi iqtisodiy xatarlarni baholash va ularni oldini olish mexanizmlarini joriy qilish yoki takomillashtirish bo'yicha yakuniy xulosalarni taqdim etishga qaratildi.
Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Koreya Respublikasi Markaziy banki, shuningdek Koreya Respublikasining yetakchi oliy ta'lim muassasalari - Xongik universiteti va Dongyuk universiteti vakillari ishtirok etishdi.
Seminar doirasida xalqaro ekspertlar tomonidan to'lov balansi tahlili, makroiqtisodiy xavflarni aniqlash va baholash, shuningdek, xalqaro tajribaga asoslangan samarali siyosiy va institutsional yondashuvlar yuzasidan taqdimotlar o'tkazildi. Ushbu muloqotlar Markaziy bank mutaxassislarining tahliliy salohiyatini oshirish, ilmiy-amaliy bilimlarni chuqurlashtirish va xalqaro tajribani milliy sharoitga moslashtirishga xizmat qiladi.
Mazkur tadbir Markaziy bankning makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlash, tashqi iqtisodiy xatarlarni oldindan aniqlash va ularni samarali boshqarish borasidagi institutsional salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan bo'lib, O'zbekiston va Koreya Respublikasi o'rtasidagi professional va ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.