12/23/2025 | Press release | Distributed by Public on 12/24/2025 10:42
O'zbekiston tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Olimjon Abdullayev boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Ar-Riyod shahrida Saudiya Arabistonida uzoq yillardan buyon istiqomat qilib kelayotgan vatandoshlar bilan samimiy uchrashuv o'tkazdi.
Davra suhbatida shifokorlar, ta'lim sohasi vakillari, xizmat ko'rsatish xodimlari, talabalar hamda tadbirkorlar ishtirok etdi. Uchrashuv chog'ida hukumat tomonidan xorijda yashayotgan vatandoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga konsullik-huquqiy yordam ko'rsatish, jumladan raqamlashtirilgan xizmatlar orqali qulayliklar yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma'lumot berildi.
Vatandoshlar elchixona va diplomatik vakolatxonalar tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar uchun minnatdorlik bildirib, konsullik xizmatlaridan muntazam foydalanib kelayotganliklarini ta'kidladilar.
Shuningdek, mehnat migratsiyasi sohasida qonuniy va munosib ish o'rinlarini yaratish maqsadida Saudiya Arabistoni tegishli idoralari bilan olib borilayotgan muzokaralar, ta'lim olish imkoniyatlari hamda yoshlar uchun yaratilayotgan istiqbollar yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida ochiq muloqot davom ettirilib, vatandoshlarning taklif va mulohazalari tinglandi, shuningdek, Podshohlik hududida qonunlarga qat'iy rioya etish va noqonuniy faoliyatlardan yiroq bo'lish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.